“Turkiy dunyo uchun lingvodidaktik asosdagi raqamli ta’lim platformasi” loyihasi oliy ta’lim tizimini raqamlashtirish, ta’lim jarayonlarini individuallashtirish hamda xalqaro akademik integratsiyani rivojlantirishga qaratilgan. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–5847-son Farmoni bilan belgilangan ustuvor vazifalarga muvofiq ravishda ishlab chiqilgan bo‘lib, turkiy tillarni o‘qitishning yagona ilmiy-metodik va raqamli muhitini shakllantirishni nazarda tutadi. Loyiha doirasida turkiy tillarning o‘zaro lingvistik yaqinligi, qiyosiy tahlil va zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida integrallashgan ta’lim platformasini yaratish ko‘zda tutiladi.
Loyihaning asosiy maqsadi turkiy tillarni o‘qitishda lingvodidaktik asosga tayangan yagona raqamli platformani ishlab chiqish, ko‘p tilli o‘quv resurslari, elektron lug‘atlar, matn korpuslari, sun’iy intellekt asosidagi avtomatik tarjima, talaffuz, grammatik tahlil, monitoring va baholash vositalarini yagona tizimga integratsiya qilishdan iborat.
Loyiha natijasida turkiy tillarni o‘qitishning yagona ilmiy-metodik bazasi yaratiladi, o‘quv jarayonining sifati va samaradorligi oshadi, foydalanuvchilarning til kompetensiyalari izchil rivojlanadi. Shuningdek, turkiy tillar o‘rtasidagi o‘zaro tushunarlilik kuchayadi, akademik mobililik va ilmiy hamkorlik kengayadi, turkiy davlatlar uchun yagona raqamli ta’lim makonini shakllantirishga ilmiy-amaliy asos yaratiladi.
Loyiha natijalari Oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, pedagogik va filologik ta’lim yo‘nalishlari, til markazlari hamda turkiy tillarni o‘rganuvchi talabalar, magistrantlar, doktorantlar va tadqiqotchilar faoliyatida qo‘llanishi mumkin.
Loyiha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Dastlab turkiy tillarni o‘qitishning lingvodidaktik modeli, kompetensiyalar tizimi va metodik asoslari ishlab chiqiladi. Keyingi bosqichda platformaning texnologik arxitekturasi yaratiladi, ko‘p tilli elektron lug‘atlar, matn korpuslari, multimedia resurslar, mashq va test modullari shakllantiriladi. So‘ng sun’iy intellekt asosidagi avtomatik tarjima, semantik va grammatik tahlil modullari integratsiya qilinadi. Yakuniy bosqichda tajriba-sinov ishlari o‘tkazilib, natijalar asosida platforma takomillashtiriladi va amaliyotga joriy etiladi.